Namanganda arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari ish boshladi

Viloyat hokimining topshirig‘iga asosan, joriy yil 25 dekabrdan Namangan shahri va tumanlar markazlarida Yangi yil savdo yarmarkalari ish boshladi.

Bugun erta tongdan Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Namangan shahridagi Istiqlol ko‘chasida tashkil etilgan yarmarka faoliyati bilan tanishdi.

“Barkamol avlod” sport majmuasi oldida Namangan, Norin, Uychi, Uchqo‘rg‘on, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlari tomonidan arzonlashtirilgan oziq-ovqat hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi yo‘lga qo‘yilgan.

Viloyat rahbari sotuvdagi mahsulotlar sifati va narx-navosiga e’tibor qaratdi. Ular hajmini ko‘paytirish, yurtdoshlarimizning Yangi yil dasturxoni to‘kin va fayzli bo‘lishi uchun barcha choralarni ko‘rish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur yarmarkalar 2024 yilning 5 yanvariga qadar davom etadi.