O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni arafasida Namangan viloyatining Davlatobod tumanidagi “Tadbirkor” mahallasi hududida yangi harbiy shaharcha bunyod etildi.
Mazkur aholi yashash punktida yurtimizning mard va jasur o‘g‘lonlari oilasi uchun qurilgan 56 ta xonadondan iborat ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi.
Tantanali taqdimot marosimida Respublika Mudofaa vazirligi, Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi vakillari, Namangan viloyati hamda Davlatobod tumani hokimligi mutasaddilari, faxriylar, harbiy xizmatchilar oilalari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Gʻofurjon Jamolov keyingi yillarda sharafli, ayni paytda mas’uliyatli burchlarini sidqidildan bajarib kelayotgan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish, yashash va xizmat vazifalarini o‘tashi uchun sharoitlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, yangi xonadonlar egalariga kalitlar tantanali tarzda topshirildi. Mehmonlar harbiy xizmatchilarning “uy to‘y”larida qatnashib, quvonchlariga sherik bo‘ldilar.