Markaziy bank eʼlon qilgan infografikada oxirgi uch yil davomida Toshkent shahri aholisi boshqa hududlardagiga qaraganda eng ko‘p ipoteka kreditlari olgan.
Hisob–kitoblarga ko‘ra, 2023-yilda O‘zbekistonda 68 ming 395 nafar fuqaroga 16 trillion 851 milliard so‘m ipoteka kreditlari ajratilgan. Shundan eng ko‘p miqdor Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi — 5 trillion so‘m.
O‘tgan yilda Farg‘ona (1,3 trillion so‘m), Navoiy, Toshkent va Samarqand viloyatlari aholisiga (har biriga 1,2 trillion so‘mdan) yuqori miqdorda ipoteka kreditlari ajratilgan. Eng kam kredit olganlar Sirdaryo viloyati (380 milliard so‘m) aholisi bo‘lgan.
2023-yildagi ipoteka kreditlarining 10,7 trillion so‘mini (63 foizi) erkaklar, 6 trillion so‘mini (37 foizi) ayollar olgan.
Kreditlarning 69 foizi 31–50 yoshgacha, 20 foizi 18–30 yoshgacha, 11 foizi 50 yoshdan yuqori fuqarolar hissasiga to‘g‘ri kelgan.