U shu bilan Yevropa futbolini butunlay tark etdimi? Yoki hali «Barselona»ga qaytishi mumkinmi?
Saudiya Arabistoni — bu yozda futbolchilarning eng sevimli yo‘nalishiga aylandi. U yerga butunlay boshqacha miqyosdagi futbolchilar ham yo‘l olishmoqda — «Oltin to‘p» sohiblari Ronaldu va Benzemadan tortib istiqbolli futbolchilar qatorida ko‘rilgan Ruben Nevesh kabilargacha. Mane yoki Kante kalibridagi yulduzlar ham faoliyatining qolgan qismini ushbu ekzotik ligada o‘tkazishga qaror qildi.
Saudiyaliklarning eng yangi (va eng kutilmagan) xaridi — Neymarning «PSJ»dan «Al-Hilol»ga transferi bo‘ldi. Va bu holatda uch tomonning ham manfaatlari mushtarak edi — parijliklar futbolchidan qutulmoqchi edi, futbolchi ham vaziyatni o‘zgartirishga qarshi emasdi, Saudiya Arabistonidagilar esa shunchaki navbatdagi superyulduzni kutayotgandi.
Neymar nima uchun «PSJ»dan ketishni istadi?
Uch hafta oldin ham braziliyalik futbolchining ketishiga hech kim ishonmasdi. Ko‘p jihatdan shuning uchunki, uning o‘zi bunday ehtimolni rad etib chiqqandi. «Mening kelajagimga keladigan bo‘lsak, «PSJ»da qolishga umid qilaman. Mening bu klub bilan shartnomam bor. Hatto muxlislar mendan nafratlanishsa ham, men shu yerda qolaman», — deya ishontirgandi Neymar iyul oyi o‘rtalarida.
L`Equipe manbalari tasdiqlagandi: futbolchi Parijda o‘zini qulay his qilayotgan, uni maoshi qoniqtirayotgan, professional ambitsiyalari esa faqat Yevropa bilan bog‘liq edi. Ammo barchasi boshqacha bo‘lib chiqdi.
Fransuz mediasi ma’lumotiga ko‘ra, Neymar «PSJ»dan ketish haqida may oyida o‘ylay boshlagan (alohida manbalarga ko‘ra esa — yanvar oyidayoq). Buning asosiy sabablaridan biri muxlislar isyoni eli — Parijdagi torsida braziliyalikdan nafratlangan va hatto uning uyi qarshisida miting uyushtirgan. Bularning bari hujumchini qo‘rqitib yuborgan va yetarlicha noqulaylik keltirib chiqargan.
Klubdagilar ham Chempionlar ligasida ketma-ket muvaffaqiyatsizlikka uchralgach, Neymar — Mbappe — Messining yulduzli triosidan norozi bo‘lgan va bu futbolchilarga nisbatan taktikani o‘zgartirmoqchi edi. Bundan dastlab Lionel jabr chekdi — u klub rahbariyatining roziligini olmasdan, noo‘rin vaqtda (o‘shanda klub shov-shuvli tarzda Fransiya chempionatida «Loryan»dan mag‘lubiyatga uchragandi) Saudiya Arabistoniga borib kelgani uchun jazolangan va hatto rasman uzr so‘rashga majbur qilingandi. Shu tariqa, «PSJ»dagilar yulduzlar davri yakunlangani, klub har qanday futbolchidan ustun turishini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lgandi. Yakunda Messi Parijni tark etdi.
Keyin esa Mbappe bilan bog‘liq tarix boshlandi, bunda ham rahbariyat qat’iy pozitsiya egalladi: shartnomasini uzaytirmasligini bildirgan fransuz hujumchisi mavsumoldi turnesidan tushirib qoldirildi va unga butun mavsum davomida zaxira o‘rindig‘ida qoldirish bilan tahdid qilindi.
Ammo yakunda Kilian qoladigan bo‘ldi, matbuotda esa uning Neymar bilan murakkab munosabatlari haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi: L`Equipe ma’lumotiga ko‘ra, Mbappe bir yil oldin u va braziliyalik bir tarkibda bo‘lmasligi kerakligini uqtirgandi.
Neymar bunday muhitda qolishni istamasligi tabiiy edi.